Alloh taolo O'z Kalomi Qur'oni karimning Tavba surasi 18-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to'kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo'rqmaganlargina obod qilarlar. Ajab emaski, ana o'shalar hidoyat topguvchilardan bo'lsalar”
Ezgu maqsadni ko'zlagan “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari xodimlari Ramazon oyi arafasida fondning “Masjidlar” aktsiyasi doirasida Qashqadaryo viloyatida yangidan bunyod etilayotgan masjidlarda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida vohaga tashrif buyurdi.
Tashrifning ilk manzili Chiroqchi tumanining olis qishloqlaridan birida obod etilayotgan “Qo'ziboqar ota” jome' masjidi bo'ldi. Mazkur masjidning eski binosi batamom vayrona holga kelganligi sabab, qishloq ahli yordam so'rab fondga murojaat qiladi. Murojaatlari inobatga olinib fond tomonilan homiylar bilan hamkorlikda yangi masjid qurib bitkazildi. Ayni damda masjidda 5 mahal ibodatlar ado etilmoqda. “Masjid uchun mo'ljallangan yangi tahoratxona ham tez orada qurib bitkaziladi” deydi fond rahbari I.Xalilov.
Keyingi manzil viloyatning Qamashi tumani bo'lib hududdagi o'nga yaqin qishloqqa xizmat qilayotgan “Chim” jome' masjidi esa anchayin eski va juda ham tor bo'lib qolgan. Ta'kidlash joizki mazkur masjid to'liq fond mablag'lari hisobidan moliyalashtirilgan bo'lib ayni damda suvoq ishlari jarayoni ketmoqda.
Mazkur masjidning yana bir ahamiyatli tomoni Toshkent-Termiz magistral yo'li yoqasida joylashganligidir. Shunga ko'ra masjidning yo'lga yaqin qismidan ayollar uchun alohida tahoratxona va honaqoh bunyod etilmoqda.
Hadisi shariflarda Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o'shaning mislini qurib beradi”
Aziz saxovatpesha vatandoshlarimizni “Vaqf” fondining xayriya ishlarida hamkorlik qilishga chorlayu qolamiz!
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati