"Vaqf" fondi ishlab chiqargan non mahsulotlarini bolalarga taqdim etdi

Fond faoliyatini asosiy yo‘nalishi bo‘lgan vaqf mulklariga egalik qilish, ularni boshqarish va tasarruf etishda jahon tajribasi o‘rganilib, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati Qibray tumani, Salar sh.f.y. hududidagi jami 16 gektar yer maydoni hamda ushbu hududda qurilishi boshlangan binolar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Vaqf" xayriya jamoat fondiga vaqf mulki sifatida beg‘araz o‘tkazilgan edi.


Joriy yilning 15 aprel kuni vaqf mulkida yo‘lga qo‘yilgan non sexi o‘z faoliyatini boshlagani va dastlabki non mahsulotlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining duoi xayrlari bilan chiqarila boshlangani aytilgan edi.


Joriy yilning iyun oyida ushbu sexlarda tayyorlangan mahsulotlar Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Respublika bolalar ruhiy-asab kasalxonasida davolanayotgan bolajonlarga xayriya sifatida ulashildi. Ushbu shifoxona vaqf mulkida tashkil etilgan korxona xayriya ishlarini amalga oshirgan ilk maskan bo‘ldi.


"Vaqf" xayriya jamoat fondi yurtimizning saxovatli insonlarini vaqf ishlarida faol bo‘lishga, davomli bo‘luvchi xayriya ishlarida hamkorlik qilishga chaqiradi. Qiyomatga qadar savobi yetib turuvchi ehsonlarni qilishda hamkorlik qiling!

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

1 Iyul, 2019 yil | 1171