"Vaqf" fondi nogironligi bo‘lgan insonlar uchun diniy ta’lim olish imkoniyatini yaratdi

"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan bugungi kunda yurtimiz aholisining kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan qatlamini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar bajarib kelinmoqda. Fond tomonidan ilm talabida bo‘lgan talabalarga ham moddiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Imkoniyati cheklangan, eshitish va so‘zlash bilan bog‘liq nogironligi bo‘lgan kishilar uchun "Surdo O‘zbekiston" loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyiha doirasida mamlakatimizdagi yigirmaga yaqin jome masjidlarda juma ma’ruzalarini imo-ishora tilida namoyish etish yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yildan boshlab Fond tashabbusi bilan Toshkent shahridagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurtida imkoniyati cheklangan insonlar uchun Qur’oni karim va tajvid, arab tili kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslar "Vaqf" fondi homiyligi ostida tashkil etilgan bo‘lib, imkoniyati cheklangan kishilar unda bepul tarzda o‘qitilmoqda.

Ilm olish imkoniyatining yaratilishi, Qur’oni karimni imo-ishora tili hamda brayl yozuvida o‘qishni o‘rganayotgan yurtdoshlarimizning qalblari quvonchga to‘lmoqda. Ular o‘zlarining ilm olish uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorliklarini izhor etmoqdalar.

Alloh taolo boshlangan xayrli ishlarimizni bardavom qilsin, O‘zining roziligiga erishtiradigan amallarni bajarishni nasib aylasin.


"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

11 Iyul, 2019 yil | 1859