Surxondaryoda masjidlarga Qur’on nusxalari va haqdorlarga zakot mablag‘lari tarqatildi.

Аlloh taolo O‘zining Kalomida: "Sadaqani oshkora qilsangiz qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadi. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir", deya marhamat qiladi". (Baqara surasi, 271-oyat). Shunday ekan Alloh taoloning amriga bo‘ysunib, ehsonparvarlik xususiyatimizni yanada rivojlantirishimiz zarur.

 

Joriy yilning 21 iyul kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Imom at-Termiziy jome masjidida nogiron va kam ta’minlangan insonlar ishtirokida yirik xayriya tadbiri tashkil etildi. Ushbu xayriya tadbirida Fond boshqaruv rahbari Iskandar Xalilov ishtirok etdi.

 

«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan Surxondaryo viloyatiga qariyb 15 million so‘mlik xayriya qilindi. Bunda 30 oilaga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari, 6 dona nogironlar aravalari haqdorlarga yetkazildi. Shuningdek ushbu tadbirda 10,5 mln so‘m zakot mablag‘lari kam ta’minlangan, yashash sharoiti og‘ir insonlarga berildi.

 

 

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida faoliyat yurituvchi masjidlarga Fond tomonidan 111 dona Qur’oni karim topshirildi. Ushbu xayrli ishlarning bardavom bo‘lishi hamda sahovatpesha insonlarning sahovatlarining yanada ziyoda bo‘lishini tilab duoi xayrlar qilindi.


"VAQF" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

22 Iyul, 2019 yil | 1557