Vaqf xayriya jamoat fondining sayti ishga tushdi

Vaqf xayriya jamoat fondning www.vaqf.uz sayti o‘z faoliyatini boshladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi «National Engineering Technologiyes» (MBank savdo belgisi) bilan hamkorlikda pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, real vaqt rejimida fondga kelib tushayotgan mablag‘larni hamda xarajatlarni kuzatib borish imkonini beruvchi billing tizimini ishlab chiqdi.

Bugungi kunda foydalanuvchilar mazkur billing tizimiga “Click” (3 mln. nafar foydalanuvchiga ega), «Payme» (taxminan 1 mln. nafar foydalanuvchiga ega), «MBank» (taxminan 500 ming nafar foydalanuvchiga ega) hamda «Upay» (taxminan 200 ming nafar foydalanuvchiga ega) to‘lov tizimlari orqali “Vaqf”, “Zakot, fidya, fitr, ushr” hamda “Xayr-saxovat” kabi yo‘nalishlarda xayr-ehsonlarni amalga oshirishlari mumkin.

Fondga pul o‘tkazmalarini naqd yoki plastik karta orqali amalga oshirishga mo‘ljallangan Toshkent shahridagi 12 ta masjidda bittadan, shuningdek Toshkent viloyatida joylashgan Zangiota ziyoratgohi hududida ikkita infokiosklar o‘rnatildi. Bunday to‘lov shakli o‘zini oqlaydigan bo‘lsa, O‘zbekiston bo‘ylab “Vaqf” fondiga xayr-saxovat to‘lovlarini yo‘naltiruvchi 4,5 mingta shunday to‘lov apparatlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, to‘lov amalga oshirilgach, foydalanuvchiga tranzaksiyaning ID ma’lumotnomasi taqdim qilinadi. Foydalanuvchi www.vaqf.uz saytiga ushbu ID kodni kiritishi hamda to‘lovning Fondga qabul qilinganiga ishonch hosil qilishi mumkin.

“Vaqf” fondi veb-sayti «UZINFOCOM» Yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan hamda www.vaqf.uz domenida sinov tartibida faoliyatini olib bormoqda. Sayt orqali Fond faoliyati, amalga oshirilgan tadbirlar hamda xayr-saxovat loyihalari xususida ma’lumot olish mumkin. Shu bilan birga, veb-saytda alohida pul o‘tkazmalari bo‘yicha hisobot jadval shaklida ham taqdim qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, “Vaqf” xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib u o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.

21 Iyun, 2018 yil | 3951