6 avgust kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Islom.uz portali o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Anglashuv memorandumini fond boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamroqulov va Islom.uz portali bosh direktori Ismoilxon Muhammad Sodiq tomonidan imzolandi.
Ushbu anglashuv memorandumi Islom.uz portali bilan o‘zaro hamkorlikda xayriya aksiyalari, saxovat ishlarini tashkil etish hamda hamkorlikning boshqa jihatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzildi.
Qayd etish kerak, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan hozirgi vaqtda “Masjid va madrasalar uchun kitob aksiyasi” o‘tazilayotgan bo‘lib, “Hilol” nashriyoti ushbu aksiyaga 20 foizlik maxsus bonus taqdim qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Vaqf” xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib u o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.