"Yagona olimpiada" g'oliblarining shartnoma pullari to'lab berildi

Avval xabar qilganimizdek, 2020-2021 o'quv yili so'ngida, O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom taʼlim muassasalarining bitiruvchi bosqich talabalari o‘rtasida “Yagona olimpiada” tanlovi o'tkazilgan edi.

Yagona olimpiadaning maqsad va vazifalari: Yagona olimpiadaning maqsadi – o‘rta maxsus islom taʼlim muassasalari bitiruvchi bosqich talabalari orasidan chet tili va mutaxassislik fanlarini puxta o‘zlashtirgan iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning iqtidori va ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilish, o‘zi tanlagan ixtisoslik yo‘nalishini chuqur o‘rganishga qiziqishlarini oshirish, qo‘llab-quvvatlash hamda munosib rag‘batlantirishdan iborat. Mazkur olimpiada g‘olibi Vaqf fondi tomonidan taqdim etiladigan GRANT sohibiga aylanadi. Mazkur GRANT asosida g‘olib, yurtimizdagi Oliy diniy taʼlim muassasalaridan biriga imtihonsiz grant asosida taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tanlovning respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan ishtirokchi Alimov Abdumalik Xusniddin o‘g‘li, Toshkent islom institutiga imtihonsiz qabul qilinib, VAQF fondi granti asosida uning shartnoma to'lovi fond tomonidan to'liq qoplab berildi.

2-o‘rinni egallagan Isomiddinov Javohirbek Saidjon o‘g‘li “Hadis ilmi” maktabiga, 3-o‘rinni egallagan Xoliqov Muhammadrizo Abdulhamid o‘g‘li “Mir Arab” oliy madrasasiga o‘qishga qabul qilinganligi sababli, "Yagona olimpiada"  nizomiga ko'ra, VAQF fondi tomonidan mazkur talabalarning yarim yillik kontrakt to‘lovlari ham ta'lim dargohlarining hisob raqamlariga o‘tkazib berildi.

Ushbu xayriya fondning diniy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo'yicha belgilangan asosiy vazifasidan kelib chiqqan holda amalga oshirildi.

"VAQF"
XJF Matbuot xizmati 

26 Oktyabr, 2021 yil | 1003