Avval xabar qilganimizdek, VAQF xayriya jamoat fondi rahbariyatining noyabr oyida Qashqadaryo viloyatiga safari davomida, Koson tumanidagi Zulfiqor ota qishlog‘iga ham tashrif buyurgan edi.
Qishloq aholisi ancha yillardan beri toza ichimlik suviga muhtoj. Mazkur hudud bilan yaqindan tanishib, odamlar bilan suhbat qilgan VAQF fondi rahbari Yahyo domla Abdurahmonov, yaqin fursat ichida fond hisobidan qishloq uchun alohida artezian qudug‘i qazilib aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanishini taʼkidlagandi. O‘tgan qisqa vaqt ichida mutaxassislar tomonidan qishloq hududida burg‘ulash ishlari jadallik bilan amalga oshirildi.
Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, kuni kecha mazkur qishloq hududidagi ilk artezian qudug‘idan toza ichimlik suvi chiqarilib xalqqa taqdim etildi. Qishloq ahli shod-xurram, endi ular ham toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi. O‘nlab chaqirim yo'l bosib suv qidirib yurmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim suv bor joyga suv chiqarsa, bir jonni ozod qilgandek bo‘ladi, kim suv yo‘q joyga suv chiqarsa, bir jonni tiriltirgandek bo‘ladi”, (Ibn Asokir rivoyati).
Mazkur xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxiy hamyurtlarimizni Alloh taolo ikki dunyoda aziz qilsin!
"Obi hayot" aksiyasi davom etadi! Siz ham yurtimizning olis qishloqlarida ichimlik suviga muhtoj vatandoshlarimiz uchun suv chiqarishga hissa qo‘shing!
VAQF xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati