"YASHIL MAKON": VAQF fondi tomonidan 4 847 dona daraxt ekildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi joriy etilgan edi va mamlakatimiz bo‘ylab 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi. Mazkur xayrli ishga hissa qo‘shish maqsadida “VAQF” xayriya jamoat fondi tomonidan ham samarali ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, fond markaziy boshqaruv apparati tomonidan 14 ta hududiy filiallariga jami 55 267 500 so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur mablag‘lar va homiylar bilan hamkorlik asosida yurtimizdagi turli ziyoratgoh, masjid va mahalla hududlariga 4 847 dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Alloh taolo O'z Kalomida: “O‘t o‘lan ham, daraxtlar ham sajda qilurlar” (Ar Rahmon surasi, 6-oyat) deya marhamat qilgan. Kim ko‘chat, daraxt eksa, yer yuzida Alloh taologa sajda qiladigan daraxt sonini ko‘payishiga sabab bo‘lgan bo‘ladi. Dinimizda daraxt ekishning fazilatlaridan biri shuki, dunyoda solih amallar qilgan mo‘min bandaga jannatda uning uchun mukofot tarzida daraxt ekilishidir.

VAQF xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

30 Noyabr, 2021 yil | 636