Jizzaxlik yolg'iz ona va ikki farzandi uchun uy qurib berildi

Uysiz, nochor, boquvchisi yo‘q oila uchun eng katta orzu bu o‘z xonadoniga ega bo‘lishdir. Ammo, yolg‘iz ayol boshi bilan ikki voyaga yetmagan farzandlarni boqishning o‘zi katta qiyinchilik tug‘diradi. Uy olish yoki qurish bunday oila uchun ushalmas orzudek tuyiladi. Ammo, chin dildan so‘rasang Alloh ziyodasi bilan beradi deyishadi ulamolar...

Bundan ikki yarim oy avval VAQF fondi Jizzax viloyati filialiga, viloyatning Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi Y.Mo'minova tomonidan yordam so‘rab ariza kelib tushgan edi. Ariza o‘rganilish natijasida, Jizzax viloyati filiali tomonidan boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayol va uning voyaga yetmagan ikki nafar farzandi uchun homiylarni jalb qilgan Paxtakor tumani, “Olmazor” MFY hududidan 3 xonali uy qurilishi boshlangan edi. Kuni kecha barcha sharoitlarga ega yangi xonadonni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Jizzax viloyati bosh imomi Mehmonali domla Jabborov, VAQF fondi viloyat filiali rahbari Shukrulloh Isroilov, viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari hamda qishloq ahli ishtirok etishdi.

So‘zga chiqqanlar xalqimizning qalbi yumshoq saxovatli ekanligini eʼtirof etim, mazkur ishga hissa qo‘shganlarning haqqiga duoi xayrlar qilishdi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm qilmaydi, uni tashlab ham qo‘ymaydi. Kim birodarining g‘amida bo‘lsa, Alloh uning g‘amida bo‘ladi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim musulmondan bir tashvishni aritsa, Alloh undan Qiyomat kunining tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh Qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, dedilar”  (Imom Buxoriy rivoyati) .

Mazkur xayrli ishga hissa qo'shgan, homiylik qilgan va dalolat qilgan barcha hamyurtlarimizni Alloh mukofotlasin!

VAQF xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

Jizzaxlik yolg'iz ona va ikki farzandi uchun uy qurib berildi
28 Dekabr, 2021 yil | 808