VAQF fondi Sirdaryoda ikkita xayriya tadbiri o'tkazdi

Avval xabar qilganimizdek, shu kunlarda VAQF xayriya jamoat fondi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, yurtimiz bo‘ylab xayriya tadbirlarini amalga oshirmoqda. 

Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, yurtimizda inson qadri va eʼtibori uchun amalga oshirilayotgan islohotlarga ko‘makchi bo‘lish hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj, nochor, nogironligi bor hamyurtlarimiz qalbiga quvonch ulashishdir.

Mana shunday tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo viloyatida ham o‘tkazildi.

Dastlab, 21 fevral kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda, yovuz niyatli kimsalarning, yod g‘oyalari tuzog‘iga aldanib tushib qolgan, eshitish va gapirishda nuqsoni bor hamyurtlarimiz uchun "SIZ BIZGA KERAKSIZ" shiori ostida "Missionerlikdan ogoh bo‘ling" tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida adashganlar uchun imom-xatib va otinoyilar tomonidan maʼruzalar qilinib, tushunib yetgan ishtirokchilar to‘g‘ri yo‘lga qaytdi. Ular uchun fond tomonidan hadyalar ulashilib, xayriya osh dasturxoni yozildi.

22 fevral sanasida esa Turkiya davlatining Aziz Mahmud Hudoyi vaqfi bilan hamkorlikda  «O‘ZBEKISTON-2022» hamkorlik loyihasi doirasidagi xayriya tadbiri amalga oshirildi. Tadbirda Vaqf fondi rahbari o‘rinbosari I.Axmedov, Aziz Mahmud Hudoyi vaqfi vakili O.Chetin, fondning viloyat filiali rahbariyati va ko‘makka muhtoj 100 nafar hamyurtlarimiz ishtirok etdi.

Tadbir davomida moddiy ko‘makka muhtoj 100 nafar oilaga oziq-ovqatlar xayriya qilindi. Imkoniyati cheklangan, nochor oilalarning xonadonlariga tashrif buyurilib, oziq-ovqatlar tarqatildi.

Xayriya tadbirlari davom etadi...

VAQF XJF Matbuot xizmati

VAQF fondi Sirdaryoda ikkita xayriya tadbiri o'tkazdi
23 Fevral, 2022 yil | 770