Farg'onada VAQF fondi 5 ta xayriya loyihasini amalga oshirdi

Yurtimizning olis hududlaridagi chekka tuman va qishloqlarda istiqomat qiluvchi moddiy ko‘makka muhtoj aholi vakillari holidan xabar olish, nogironligi bor bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olish, ichimlik suvi tanqis bo‘lgan qishloqlarda suv chiqarish, moddiy yordamga muhtoj ammo, kasb-hunarga ega hamyurtlarimizga kerakli asbob-uskunalar hadya qilishga qaratilgan "Vaqf ko‘magi" loyihasini o‘tkazish, qurilish va taʼmirlash ishlari ketayotgan masjidlarga ko‘maklashish va boshqa bir qancha xayriya tadbirlarini amalga oshirish maqsadida 2-3 mart kunlari Vaqf fondi rahbarining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Salomov, rahbar maslahatchisi Saidabror Umarov va bo‘lim boshlig‘i Toxir Qurbonovlar Farg‘ona viloyatida xizmat safarida bo‘ldilar.

Tashrifning ilm tadbiri "Vaqf ko‘magi" loyihasi bo‘ldi. Mazkur loyiha orqali viloyatdagi kasb-hunarga ega ammo ijtimoiy ko‘makka muhtoj 30 nafar hamyurtimizga xayriya qilishdan boshlandi. Ularning 25 nafariga tikuv mashinasi, 5 nafariga esa qandolat pechi xayriya qilindi. 

Shundan so‘ng, Vaqf rahbariyati, viloyatda tashkil etilgan "Qurʼoni karim va tajvidni o‘rgatish" kursiga tashrif buyurib, kursda tahsil olayotgan  ko‘makka muhtoj 10 nafar o‘quvchilarga, kursning to‘lov summasi miqdorida xayriya qilinganlik haqidagi sertifikatlarni topshirdi.

Taʼkidlash joizki so‘ngi bir yil davomida, fond tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab 80 ga yaqin ichimlik suvi artezian va quduqlari qazib chiqarilib aholi uchun vaqf qilindi. Xuddi shu loyihani Farg‘ona viloyatning ichimlik suvi tanqis bo‘lgan Yozyovon tumanidagi, “Ijodkor” va “Yuqori” MFYlarida ham amalga oshirish uchun, M.Salomov va S.Umarovlar hududga tashrif buyurib, mavjud vaziyat bilan yaqindan tanishdi. 

Safarning ikkinchi kuni vakillar Farg‘ona shahrida joylashgan qurilish-taʼmirlash ishlari  amalga oshirilayotgan “Muhammad Avliyo", Marg‘ilon shahridagi tarixiy ahamiyatga ega “Xonaqo” masjidlariga tashrif buyurib, mazkur masjidlarda qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, qurilish va taʼmirlash ishlari ketayotgan mazkur ikki masjid va So‘x tumanida joylashgan ”Xo‘ja Abul Qosim  jome  masjidlarining har biriga 10 000 000 so‘mdan xayriya yordami ko‘rsatildi.

Tashrifning yakuniy rejasiga ko‘ra Farg‘ona shahrida istiqomat qilayotgan 3 nafar nogironligi bor shaxslar uchun nogironlik aravachasi va oziq-ovqatlar xayriya qilindi. 

Farg‘ona viloyatiga qilingan xayriya safarida moddiy va maʼnaviy hamkorlik qilgan barcha saxovatpesha insonlarni Alloh taolo ikki dunyoda aziz qilsin!

VAQF xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

Farg'onada VAQF fondi 5 ta xayriya loyihasini amalga oshirdi
3 Mart, 2022 yil | 722