Vaqf fondi Ko'kaldosh madrasasi talabalari uchun xayriya qildi

Diniy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash VAQF fondining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda, o‘tgan yillar davomida fond tomonidan ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning 17 mart kuni Vaqf xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari Ikrom Axmedov hamda rahbar maslahatchisi Saidabror Umarovlar navbatdagi xayriyani amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurtiga qarashli «Nazarbek» talabalar turar joyiga tashrif buyurdi.

Mazkur talabalar turar joyida 92 nafar madrasa talabalari istiqomat qiladi. Taʼlim olish, hordiq chiqarish va istiqomat uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Vaqf fondi ham bo‘lajak ahli ilm, imom va qorilarning yashash sharoiti yaxshilanishiga hissa qo‘shish maqsadida, har bir talaba uchun choyshab, ko‘rpa, yostiq va ularga qoplama jildlar taqdim etdi.

Mazkur xayriyaga hissa qo‘shgan barcha saxovatpecha hamyurtlarimizni Alloh taolo mukofotlasin!

Vaqf xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

Vaqf fondi Ko'kaldosh madrasasi talabalari uchun xayriya qildi
17 Mart, 2022 yil | 499