Vaqf xayriya jamoat fondi rahbar birinchi o‘rinbosari M.Salomov hamda fond Matbuot xizmati rahbari S.Umarovlar, Qoraqalpog‘iston respublikasida istiqomat qilayotgan, moddiy yordamga muhtoj, nochor, nogironligi bor fuqarolarni moddiy qo‘llab quvvatlash shuningdek, hududdagi ichimlik suvi tanqis bo‘lgan ovullarda toza ichimlik suvi chiqarish, Nukus shahridagi "Muhammad al Beruniy" madrasasi talabalarini taqdirlash maqsadida Qoraqalpog‘istonda bo‘lib qaytdi.
Ilk xayriya tadbiri, hududdagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj ammo kasb hunarga ega oilalarni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan "VAQF KO‘MAGI" loyihasi bilan boshlandi. Mazkur loyiha orqali respublikadagi 30 ta kasb hunarga ega ammo moddiy yordam va asbob-uskunalarga muhtoj xotin-qizlarning25 nafariga tikuv mashinasi, 5 nafariga qandolat pechi xayriya sifatida taqdim etildi.
Taʼkidlash joizki tikuv mashinasi xayriya qilingan ayollarning 7 nafari eshitish va gapirishda nuqsoni bo‘lgan hunarmand xotin-qizlardir. Ular nogiron bo‘lishiga qaramasdan hunar o‘rganib, o‘z oilalari daromadiga hissa qo‘shishga harakat qilishmoqda.
Umid qilamizki mazkur asbob-uskunalarni olgan opa-singillarimiz yaqin kelajakda daromadga kirib, oilasi va farzandlarining yaxshi yashashiga hissa qo‘shadi.
Mazkur loyihaga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha hamyurtlarimizni Alloh taolo ikki dunyoda aziz qilsin!
VAQF xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati