Diniy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-oʼqituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va oʼquvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash Vaqf fondining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada ko'plab xayriya ishlari amalga oshirilgan bo'lib, kuni kecha Buxoro shahrida mana shunday tadbirlarning navbatdagisi o'tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyat filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda, diniy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Buxoro shahridagi "Jo‘ybori Kalon" ayol qizlar o‘rta maxsus islom taʼlim muassasasida faoliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylarning 30 nafariga, har biriga 1 million so'mdan jami 30 million so‘m, Mir Arab oliy madrasasining 15 nafar mudarrislari va xodimlarining har biriga 1 million so'mdan jami 15 million so‘m hamda Mir Arab oliy madrasasida tahsil olayotgan, moddiy ko'makka muhtoj bir nafar talabaning o‘quv shartnomasi uchun 5 million so‘m, jami 50 million so‘m mablag‘ni naqd pul ko‘rinishida ta'lim muassasalari ustoz va murabbiylariga xayriya sifatida taqdim etdi.
Vaqf fondi Matbuot xizmati