. Avvalo, niyatni to‘g‘rilamoq, ixlos bilan, xolis Alloh uchun ziyorat qilmoq lozim.
Avvalo, niyatni to‘g‘rilamoq: ziyoratni xolis Alloh uchun qilmoq; yordamni, najotni, yolg‘iz Allohdan tilamoq lozim. Anbiyoi izom (ulug‘ payg‘ambarlar) va avliyoi kiromning ziyoratlari, shubhasiz, foydadan xoli emas.
Ba’zi adno (mushkul) darajada qolgan bandalar Alloh taolodan hojatlarini bevosita talab etmoqqa o‘zlarida layoqat va munosabat topmagani sababli, ba’zi dunyo va oxirat maqsadlari hosil bo‘lishi uchun ularni vosita va vasila aylasalar, ular hurmatidan ushbu talabni Alloh ijobat qilib, hojatlari ravo bo‘lishi umid qilinadi. Chunonchi: “Yo Rabbim! Shu zotning qurbu hurmatini dargohingga vosita va vasila ayladim, mening falon maqsudimni ravo qil!” deb duo qilishi mumkin. Chunonchi, bu “Ibodati islomiya”da aytilgan.
Hazrati payg‘ambar va aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilganda asar va taassurot voqe’ bo‘lishi tajriba qilingandir, tajribiyot ham tariqi ilmdir. Bas, payg‘ambarlarni va avliyolarni vafotlaridan keyin ziyorat qilish befoyda emas. Lekin ziyorat qilingan zotga ham foyda yetishi ahli sunnat val-jamoat mazhabida, shubhasiz, bor masaladir. Faqat ziyoratchi niyati va ixlosini to‘g‘ri qilishi lozim. Ularni tirik deb e’tiqod qilmaslik kerak. Duoni yolg‘iz Allohga qilishi kerak.
So‘raydigan narsalarini qabrdagi zotdan so‘rash aslo mumkin emas. Bu shirk bo‘ladi, shirkni esa Alloh kechirmaydi. Biror kishida bunday xatolar o‘tgan bo‘lsa, chin dildan Allohga tavba qilmog‘i lozim.
2. Ziyorat paytida tahoratli bo‘lmoq sunnnatdir.
Ayniqsa, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak qabrlarini va aziz-avliyolar qabrini ziyorat etishdan oldin g‘usl qilmoq odobga muvofiqdir.
3. Qisqa muddat bo‘lsa ham dunyo mashg‘ulotini tark etib, oxiratni o‘ylamoq.
4. Ikki rak’at namoz o‘qimoq sunnatdir.
Tahoratli holda (ziyoratgohga yaqin masjidda yoki namoz o‘qish joiz bo‘lgan joyda) ikki rak’at namoz o‘qib, har bir rak’atida “Fotiha” surasidan so‘ng bir marta “Oyatul-Kursiy”ni va uch martadan “Ixlos” surasini o‘qiydi. Salom bergach, bu namozning savobini marhumga hadya etadi.
5. Ziyoratgohda viqor bilan, sokin yurmoq.
Ziyoratgohda viqor bilan, ya’ni g‘oyat sokin, vazmin, ohista yuradi. Behuda va baland ovozda so‘zlamaydi. Ehtiyoj bo‘lsa, zaruriy so‘zlarni ohista va adab bilan gapiradi.
6. Qabr ahliga salom bermoq.
Qabristonga borganda avval qabriston ahliga salom beriladi. Masalan, bunday deyiladi: “Assalomu alaykum, ey bu diyorning mo‘minlari va musulmonlari! Inshoalloh, bizlar ham sizlarga kelib qo‘shilurmiz. Alloh taolodan bizlar uchun va sizlar uchun ofiyat - tinchlik-omonlik tilayman!”
Biror qabriston yonidan o‘tganda ham salom berib o‘tish yaxshidir.
Hadisi sharif: “Kimiki biror qabr yonidan o‘tayotib, qabr ahliga salom bersa, xuddi dunyoda bilganidek, mayyit uni biladi va unga alik oladi”. Bu javob qaytarish qol tili bilan emas, balki hol tili bilandir. Hazrati Ibn Umar (roziyallohu anhumo) biror qabr yonidan o‘tsalar, albatta, salom berib o‘tardilar (“Qabr ahliga salom berish tartibi” bobiga qarang).
7. Oyoq tomonidan borib, mayyitga yaqin va yuzma-yuz o‘tirmoq.
Ziyorat qilganda belgili qabr yoniga oyoq tomonidan borib, avval mayyitga salom beradi, hayotlik paytida unga qanday yaqin o‘tirsa, shu darajada yaqin o‘tiradi. Mayyitning yuzi va ko‘kragi to‘g‘risiga kelib o‘tiradi.
Mayyit, albatta, yuzi qiblaga qaratib ko‘miladi. Shu bois ziyoratchi yuzini qiblaga emas, balki, aksincha, qabrga qaratib, marhumning bosh tarafida, unga yuzma-yuz va yaqin o‘tiradi.
8. Qabrni siypash, ushlash va o‘pishdan qattiq saqlanmoq.
Ziyorat chog‘ida aslo qabrni siypamaslik, aylanib tavof qilmaslik, ushlamaslik va o‘pmaslik kerak. Bu adashganlarning odatidir.
9. Qabr boshida “Yosin” surasini yoki o‘zi bilgan boshqa sura yoxud oyatlarni o‘qimoq.
O‘tirgach, 1 marta “Fotiha” va 3 bor “Ixlos” surasini yoki o‘zi bilgan suralarni o‘qib, savobini marhumga bag‘ishlash kifoya. Yana 10 marta salavot va tasbih aytmoq savob.
Bir marta “Fotiha” va 11 marta “Ixlos” surasini o‘qish afzal. “Ixlos”ni 10 bor o‘qishham mumkin.
“Sharhi Shir’atul-Islom”da aytiladi: “Qabristonda surai «Yosin”ni o‘qish mustahab ekanligi mashhur hadislar bilan sobit bo‘lgandir».
Qabristonda “Oyatul-kursiy”ni o‘qish fazilati yuqorida bayon etildi. “Taborak”ni o‘qisa ham yaxshi. Bir marta “Fotiha”, “Ixlos”, “Al-falaq” va “An-nos” suralarini o‘qish ham tavsiya qilingan. Bir marta “Fotiha”, 3 marta
“Ixlos va 1 marta «Al-hokumu-t-takosur” surasini o‘qisa, ulug‘ savob hosil bo‘ladi. Bular hammasi tavsiya qilingan savobli amallardir.
Qabr boshida biror fiqhiy masalani aytmoq, ayniqsa, savobliroqdir. Butun yer yuzidagi mayyitlar ruhi uning savobini talashadi.
Ammo Hazrati Imom Buxoriy, hazrati Qusom ibn Abbos (roziyallohu anhumo), Shoh Bahouddin Naqshband, Hakim Termiziy, Abu Iyso Muhammad Termiziy, Shayx So‘fi Allohyor maqbaralaridek gavjum ziyoratgohlarda boshqa ziyoratchilarga ham tezroq navbat bermoq odobdandir.
Ziyoratchilar marhumga bag‘ishlaydigan narsalarini oldindan o‘qib tayyorlab kelsalar ham bo‘ladi.
10. Ziyoratga poyafzalni yechib kirish sunnatdir. Bu haqda hadisi shariflar bor.
Izoh: “Fatoviyyi olamgiriya”da aytiladi: “Qabristonda kovush va etik bilan yurmoq bizning (Imom A’zam) mazhabimizda makruh emas”. “Sirojul-vahhoj” kitobida ham shunday deyilgan.
11. Qabrni bosmaslik lozim. Qabr usti mayyitning haqqidir.
Qabrni bosish mayyitning qornini bosish kabidir. Qabr ustidan yoki qabriston ichidan o‘tish zarur bo‘lib qolsa, tasbih (“Subhonalloh”, “Subhonallohi va bihamdihi”, “Subhonallohi val-hamdulillohi va lo iloha illallohu vallohu akbar” kabi tasbihlarni), tahlil («Lo iloha illalloh), takbir, duo va istig‘for aytib o‘tsa bo‘ladi.
Kimki qabristondan: “Allohu akbar, Allohu akbar, lo iloha illallohu vallohu akbar. Allohu akbaru va lillohil-hamd” takbirini aytib o‘tsa, qabrda yotgan kishi: “Koshki shu odam qabrim yonidan yana bir marta o‘tsa edi!” deb orzu qilib qoladi.
11. Mo‘minlarning yaxshi sifatlarini eslash sunnatdir.
12. Ziyoratdan behad sokin, vazmin holatda qaytish lozim.
Alloh taolo ziyoratingizni qabul etsin!
Mirzo Ahmad Xushnazarning “Qabriston ziyorati odoblari” kitobidan