Bismillahir Rohmanir Rohiym !
Buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan murgʻak qalb, zudlik bilan yaxshilar koʻmagiga muhtoj
Insonning tishi oddiy holatda ogʻrisa, sabrsizlik bilan ogʻriqqa bardosh bera olmay qolamiz. Endi tasavvur qiling, yurak, buyrak yoki jigar sohasida ogʻriqni his qilayotgan norasida goʻdakning kechinmalari qanday boʻladi.
Hali tili chiqmagan Elbekning hayotga ishtiyoqi katta. Salomatlik va halovat... Bu ikki neʼmat qanchalar aziz va qadrli!.. Salomatligingiz yoʻqolsa, tanangiz azob kechadi. Agar farzandingiz, jigarporangiz xastalansa-chi?.. Koʻz oldingizda azob chekib yotsa-yu, qoʻlingizdan hech ish kelmasa, xalovatingiz yoʻqoladi, ruhingiz azoblanadi. Shunday ruhiy azoblarni boshidan oʻtkazayotgan oila boshligʻi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga murojaat qildi.
Bemorning otasini sekin gapga tutdik. Otalik mehridan koʻziga yosh olsa, erlik gʻururidan oʻzini tiyishga harakat qilib soʻz boshladi.
- Ismim Allaberganov Dilshod, turmush oʻrtogʻim va ikki farzandim bilan Uchtepa tumanida yashayman. Elbek ikkinchi farzandim, bir yoshu sakkiz oylik. Tugʻilishidan buyrak yetishmovchiligi dardiga mubtalo boʻldi. Shu qisqa umrida yetarlicha qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazdi. Sentyabr oyida Toshkent shahridagi Respublika pediatriya shifoxonasi Nefrologiya boʻlimiga yotqizdik. Soʻng Yunusobod tuman 5-son bolalar shifoxonasida yosh bolalarga ishlatiladigan 6.5sentimetrlik koteytor oʻrniga 8.5 sentimetrli koteytor oʻrnatishdi. Dializ olib qaytdik. Koteytor uzun boʻlganligi sababli yuragini teshib oʻtibdi. Qon oʻpkasiga yigʻilib kechga yaqin isitmasi chiqdi va xirillab zoʻrgʻa nafas olardi. Yarim tunda oʻta ogʻir ahvolda Chilonzordagi 16-sonli shahar klinik shifoxanasiga shoshilinch tez tibbiy yordam bilan yetib bordik. Shifokor koteytor nega kattaligini soʻradi. Ahvoli yomonlashishiga aynan shu loqaydlik sabab boʻlgan, dedi.
Shifokor oʻpkasini teshib qon oldi. Shundan soʻngina bolajonimni ahvoli biroz yaxshilandi deya gapini davom ettiradi qalbi oʻksinib yigʻlagan ota. Vaziyat bu kabi tus olganini koʻrgan Yunusobod tuman 5 –son shifoxonasi shifokorlari 6.5li koteytor topildi deb qoʻngʻiroq qilishdi va shikoyat qilmasligimiz uchun tilxat yozdirib olishdi. Qiziq agar oʻzini farzandi shu ahvolga tushsa nima qilardi?! 10 kun oldin Turkiyaga onasi bilan joʻnatdik. Qoniga infeksiya tushgan, yuragi teshik sababli qon toʻplagan, oʻta holsizlanib qolgani sababli operatsiyaga tayyorlashmoqda. Hozirga qadar 9 500 AQSH dollari toʻlashdi. Bolamni operatsiyasiga deb yiqqan pullar bir hovuch “zukko, dono” shifokorlar qoldirgan asoratlarni davolashga ketmoqda. Oldinda buyrak almashtirish jarrohlik amaliyoti turibdi. Buning uchun 17-18 ming AQSH dollari zarur, deya oʻz soʻzini yakunladi.
Bugungi kunda yuzlab murgʻak jonlarni asrab qolish uchun harakat qilinayotgan ezgu ishlarda Siz ham faol ishtirok eting! “Vaqf” xayriya jamoat fondi vatandoshlarni ushbu oilaning mashaqqatli kunlarida ogʻirini yengil qilishda koʻmaklashishga chaqiradi.
Elbekni azobsiz, dardsiz oʻsib-ulgʻayishiga, ota-onasining koʻzini quvontirishiga sababchi boʻlaylik! Siz tomoningizdan amalga oshirilgan kichik bir ehson, bir oila farzandini hayotga qaytarishi mumkin. Befarq boʻlmaylik,
“Malham” aksiyasida ishtirok eting azizlar !
To'plangan mablag' : 0 so'm