#IlmiyHamkorlik #XattotlikSanati
2026-yil 30-oktyabr kuni Qatarda davom etayotgan ilmiy-ma’rifiy safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari bir qator tarixiy, madaniy va ilmiy muassasalarda bo‘lishdi.
Dastlab delegatsiya Qatar milliy muzeyi hamda Islom san’ati muzeyiga tashrif buyurib, ushbu maskanlarda saqlanayotgan tarixiy eksponatlar, islom sivilizatsiyasi tarixi va san’atini aks ettiruvchi noyob asarlar bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng Islom ilmiy tadqiqotlar markazi rahbariyati va mas’ul vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida markaz qoshidagi xattotlik maktabi faoliyati bilan ham tanishildi. Xususan, Qatar va O‘zbekiston xattotlari o‘rtasida tajriba almashish, o‘zaro tashriflar va ijodiy uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish, mahorat darslari hamda xattotlik musobaqalarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida markazning taniqli xattoti tomonidan delegatsiya a’zolari uchun maxsus xattotlik san’ati namunalari tayyorlab berildi. Ushbu esdalik asarlarini kelgusida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Mo‘yi Muborak muzey-kutubxonasiga joylashtirish rejalashtirilgan.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, xususan, islom san’ati va xattotlik an’analarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.