Statistika
Jami 0
Kategoriyalar
Kundalik tendentsiya
  • +998 95 195-16-10
  • info@vaqf.uz
  • vaqfuzbekistan@gmail.com
Tarixiy obidalar va qadamjolarni asrab-avaylash — kelajak avlod oldidagi mas’uliyat

Yurtimiz boy tarixiy merosi, qadimiy me’moriy obidalari va muqaddas qadamjolari bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Asrlar davomida shakllangan ushbu maskanlar xalqimizning boy ma’naviyati, milliy qadriyatlari va yuksak me’morchilik san’atini o‘zida mujassam etgan. Bugungi kunda ana shunday tarixiy maskanlarning 200 ga yaqini “Vaqf” xayriya jamoat fondiga biriktirilgan bo‘lib, ularni asrab-avaylash, tarixiy qiyofasini saqlash va kelajak avlodga asl holida yetkazish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Samarqand shahrida joylashgan Shohi Zinda me’moriy majmuasi yurtimizning qadimiy va noyob tarixiy ziyoratgohlaridan biri hisoblanadi. Qadimiy Afrosiyob shaharchasining janubiy qismida joylashgan mazkur majmua o‘zining ko‘p asrlik tarixi, betakror me’moriy yechimlari hamda nafis koshinkorlik san’ati bilan alohida ajralib turadi.

Shohi Zinda nomi “Tirik shoh” ma’nosini anglatib, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning amakivachchalari, sahoba Qusam ibn Abbos nomi bilan bog‘liq. Rivoyat va tarixiy manbalarda ushbu zotning Samarqandda dafn etilgani qayd etiladi. Shu bois majmua asrlar davomida musulmonlar ziyorat qilib keladigan muqaddas maskanlardan biri sifatida e’zozlanib kelgan.

Majmua hududidagi me’moriy inshootlarning shakllanishi uzoq tarixiy davrlarni qamrab oladi. Bu yerda, asosan, XI–XII hamda XIV–XV asrlarga oid yodgorliklar saqlanib qolgan. Xususan, Amir Temur va temuriylar davrida olib borilgan qurilish ishlari natijasida majmua yanada obod bo‘lib, ko‘plab maqbaralar va boshqa me’moriy inshootlar barpo etilgan. Ularning peshtoqlari, moviy va feruza rangli koshinlari, murakkab naqshlari hamda nafis bezaklari o‘sha davr me’morlarining yuksak mahoratidan dalolat beradi.

Bugungi kunda Shohi Zinda majmuasida tarixiy obidalarning asl qiyofasini saqlab qolish, ta’mirtalab qismlarini qayta tiklash va ularning uzoq yillar davomida tarixiy qiymatini yo‘qotmasligini ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda yodgorliklarni muhofaza qilish, ularning holatini o‘rganish hamda zarur ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham tarixiy obidalar va qadamjolarni asrab-avaylash, ularning moddiy va ma’naviy meros sifatidagi ahamiyatini saqlab qolish yo‘lida tegishli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bunda tarixiy inshootlarning o‘ziga xos me’moriy xususiyatlarini saqlash, ularni kelajak avlodga imkon qadar asl holida yetkazish hamda ushbu bebaho merosga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish muhim o‘rin tutadi.

Zero, tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash — faqat bugungi kunning vazifasi emas, balki ajdodlar merosini kelajak avlodlarga munosib yetkazish yo‘lidagi muhim mas’uliyatdir. Ularni asrash orqali biz xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, milliy o‘zligi va ma’naviy qadriyatlarini ham asrab qolamiz.

Tegishli Xabarlar

To'lov tizimlari orqali xayriya

To`lov tizimini tanlang

Tanlangandan so'ng, siz pul o'tkazmasini yakunlash uchun bank veb-saytiga yo'naltirilasiz