O‘zbekiston xalqaro vaqf va islomiy ijtimoiy moliya sohasidagi yirik tadbirga mezbonlik qiladi. Ilk bor mamlakatimizda, Samarqand shahrida tashkil etilayotgan XIV Global Vaqf anjumani dunyoning turli mamlakatlaridan nufuzli vakillarni bir maydonda jamlaydi.
Bu yilgi anjuman «Vaqf va islomiy ijtimoiy moliyaga yangicha yondashuv: boshqaruv, standartlar, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish yo‘llari» mavzusiga bag‘ishlanadi. Unda vaqf tizimini takomillashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.
Tadbirda 30 ta mamlakatdan 150 nafarga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, ulamolar hamda soha ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Anjuman doirasida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, yangi tashabbuslarni ilgari surish, islomiy ijtimoiy moliya imkoniyatlaridan samarali foydalanish va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
📍Samarqandda o‘tkaziladigan ushbu xalqaro anjuman vaqf tizimining kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash hamda yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.