Statistika
Jami 0
Kategoriyalar
Kundalik tendentsiya
  • +998 95 195-16-10
  • info@vaqf.uz
  • vaqfuzbekistan@gmail.com
Zakot haqida

Alidan rivoyat qilinadi:

"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Biz sizni ot va quldan (zakot berishdan) ozod qildik. Shunday ekan, mol (boylik)ingizning zakotini ado qiling. (Zakot) har qirq dirhamdan bir dirham (berish farzdir)", dedilar.

Izoh: Zakot — Islomning besh arkonidan biri. U ham imon keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish va haj qilish kabi muhim farzdir.

"Zakot" arabcha so‘z bo‘lib, "baraka", "o‘sish" va "poklash" ma’nolarini bildiradi. Shariatimiz istilohida zakot — nisob miqdoridagi mol-mulkka ega bo‘lgan, balog‘atga yetgan, aqli raso musulmon kishi bir yil o‘tgandan keyin molining qirqdan birini (2,5%) muhtojlarga mulk qilib berishidir.

Zakot Qur’oni karimning yigirma yetti joyida namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan tengdir. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi.

Bu xususda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

"Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz" (Nur surasi, 56-oyat).

Zakoti berilgan mol har qanday balo va ofatlardan saqlanishi haqida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qilganlar:

"Mollaringizni zakot (berish) bilan saqlangiz..." (Imom Abu Dovud rivoyati).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"Qachon molingizning zakotini ado qilsangiz, albatta, zimmangizdagi burchni bajaribsiz", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Zimmasiga zakot farz bo‘lgan kimsa uni kechiktirmasligi kerak. Chunki, zakot faqirlarning haqqi bo‘lib, uni bermasdan o‘zida ushlab turish mumkin emas.

Imom Muhammad rahmatullohi alayh: "Zakotni qasddan bermay, kechiktirib yurgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi", degan.

Zakot berish mol-mulkka baraka kirishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

"Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi" (Imom Termiziy rivoyati).

Nisob — shariatda kishini boylik darajasiga olib chiquvchi miqdordir. Bu miqdor dinimizda 85 gr. tillo yoki uning qiymatidagi qog‘oz pul va tijorat mollari bilan belgilangan.

Chorva mollaridan tuya, sigir, qo‘y-echki va (faqat urg‘ochi yoki erkak-urg‘ochisi aralash) otlardan zakot beriladi va ularda ham nisob bor.

Tuyalar 5 taga, sigirlar 30 taga, qo‘y-echkilar 40 taga yetsa, nisobga yetgan bo‘ladi va zakot chiqariladi.

Dala-dashtda o‘sadigan dehqonchilik mahsulotlari yomg‘ir, daryo suvlaridan suv ichsa, chiqqan mahsulotning xarajatlarni chiqarib tashlamasdan turib, o‘ndan biri (10%), suvi pulli yoki mehnat evaziga chiqadigan bo‘lsa, yigirmadan biri (5%) beriladi.

Hovlidagi mahsulotlardan ushr berilmaydi.

Kishi yuqoridagi nisobga ega bo‘lishi bilan zakot bermasa-da, zakot, fitr, fidya va boshqa sadaqalarni ola olmaydi. Nisobga ega bo‘lgandan keyin bir yil o‘tgach zakot berish farz bo‘ladi.

Zakotni hisoblaganda uy-joyi, uy anjomlari, kiyim-kechagi, minib yurgan ulovi (avtomashina) va kasb dastgohlarini hisobga qo‘shmaydi. Bular dinimizda hojati asliya, ya’ni eng kerakli narsalar hisoblanadi.

Ilmli kishilar o‘rtasida va ba’zi kitoblarda otning zakoti haqida ikki xil fikr bor:

  • Ba’zi ulamolar otdan zakot olinadi, degan.

  • Boshqalari otdan zakot olinmaydi, degan.

Bu ma’lum turdagi otlar haqida aytilgan gapdir. Boshqa bir necha ot turlari haqida hech qanday ikki xillik yo‘q.

  1. Miniladigan, ishlatiladigan otlardan zakot olinmaydi.

  2. Yem berib boqiladigan otlardan zakot olinmaydi.

  3. Tijorat uchun saqlanadigan otlardan zakot olinadi.

  4. Nasl uchun va qiymati o‘sishi uchun yaylovda boqilayotgan otlardan zakot olinadimi-yo‘qmi, degan savolga ulamolar ikki xil javob bergan.

Fuqaholar jumhuri bu kabi otlardan zakot olinmaydi, degan.

Abu Hanifa rahmatullohi alayh esa bunday otlardan zakot olinadi, degan.

Ikki tomon ham o‘z dalil-hujjatlarini keltirgan. Ikki tomon ham o‘z dalilini kuchli, qarshi tarafning dalilini kuchsiz, degan.

Aqliy dalilga kelganda esa Abu Hanifa rahmatullohi alayhning dalillari kuchli chiqadi. Chunki ba’zi joylarda otlardan tuyaga qaraganda ko‘proq foyda olinadi.

Hanafiy mazhabi ulamolari otning nisobi va undan chiqariladigan zakot miqdori haqida bir necha xil fikr aytgan. Ulardan maqbulrog‘i: nisob beshta ot, beriladigan zakot har bir otdan bir dinor bo‘ladi. Yoki otning narxini pulga chaqib, har ikki yuz dirhamdan besh dirham chiqarishdir.

Qul masalasi, quldorlik davri allaqachon o‘tib ketgani sababli unga oid masalalar amaldan to‘xtatilgan.

To'lov tizimlari orqali xayriya

To`lov tizimini tanlang

Tanlangandan so'ng, siz pul o'tkazmasini yakunlash uchun bank veb-saytiga yo'naltirilasiz