Zakotni ado qiluvchi bandaning zimmasida bajarishi lozim bo‘lgan quyidagi vazifalar bor:
1. Zakotdan murod nimaligini fahmlashi kerak. U uch narsadan iborat: Alloh taoloning muhabbatini da’vo qiluvchini o‘zi muhabbat qo‘ygan narsasini chiqarishi bilan sinash; halokatga olib boruvchi baxillik sifatidan poklanish; mol-mulk ne’matiga shukr qilish.
2. Riyokorlikdan xoli bo‘lish uchun zakotni sir tutish. Uni izhor qilishda faqirni xorlash bor. Agar “zakotni bermadi” degan tuhmatdan qo‘rqsa, faqirlarga jamoat ichida ochiqchasiga beradi. Boshqalarga pinhona ravishda beradi.
3. Zakotini minnat va ozor bilan buzmaydi. Inson faqirga ehson qilayotganida minnat hosil bo‘lishi mumkin. Aslida esa, uning zakotini olgan faqir kishi Alloh taoloning unga buyurgan haqini qabul qilib, unga yaxshilik qilayotgan, uning molini birovning haqqidan poklayotgan bo‘ladi. Zakot beruvchi yaxshiroq o‘ylab ko‘rsa, uning zakot chiqarishi u bilan faqir o‘rtasidagi muomala emas, balki mol ne’matiga shukrdir. Shuning uchun faqir odam faqirligi uchun haqoratlanmasligi kerak, chunki fazl mol-mulkning borligi yoki yo‘qligida emas.
4. Berayotgan narsasini kichik sanashi lozim, chunki ishni katta sanagan odam u bilan faxrlanadi. Yaxshi ish uch narsa bilan: uni kichik sanash, tezlatish va sir tutish ila tugal bo‘ladi.
5. Zakot beruvchi molidan eng halolini, eng yaxshisini va o‘ziga eng mahbubini chiqarsin. Haloliga kelsak, Alloh taolo pokdir, pokdan boshqani qabul qilmas. Yaxshisiga kelsak, Alloh taolo:
“Infoq qilganingizda nopokni ko‘zlamang”, degan (Baqara surasi, 267-oyat).
Bu ma’noda ikki narsani mulohaza qilish kerak.
Birinchisi Alloh taoloning haqqini ado etish. Bu U Zotni ulug‘lash ila bo‘ladi. U Zot ulug‘lashga eng haqli Zotdir. Axir inson o‘z mehmoniga yomon taom qo‘ysa, ko‘ngli to‘lmaydi-ku! Qanday qilib zakotga – Allohga yomon molini beradi?
Ikkinchisi o‘zining haqqini ado etish. Kishining bergan zakoti qiyomat kuni o‘zining huzuriga keladi, shuning uchun eng yaxshi molni tanlab olishi kerak.
Zakotga o‘zi uchun eng mahbub molni chiqarishga kelsak, Alloh taolo:
“O‘zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmassiz”, degan (Oli Imron surasi, 92-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumo o‘zining biror moliga muhabbati kuchaysa, o‘shani Alloh taolo uchun qurbon qilar edi. Rivoyat qilinishicha, u kishi bir kuni baliq yegisi kelayotganini aytibdi. Izlab-izlab bittagina baliq topib kelishibdi. Xotini uni pishirib, taqdim qilibdi. Shu payt bir miskin kelib qolibdi. Ibn Umar roziyallohu anhumo unga baliqni berib, “Ol”, debdi. Shunda uning ahli: “Subhanalloh! Bizni qiynab opkeltirgan narsani unga berasizmi, boshqa narsa ham bor-ku!” deyishibdi. Shunda Ibn Umar roziyallohu anhumo: “Abdullohning muhabbati shunga tushgan edi”, degan ekan.
Rivoyat qilinishicha, bir tilanchi Rabiy’ ibn Haysam rahmatullohi alayhning eshigini qoqibdi. “Unga qand beringlar!” debdi xonadon egasi. “Unga non bersak, foydaliroq bo‘larmidi?” deyishibdi. “Sho‘ring qurg‘urlar, unga qand beringlar! Rabiy’ qandni yaxshi ko‘radi”, degan ekan Rabiy’ ibn Haysam rahmatullohi alayh.
6. Sadaqasini berishga loyiq odam topish. Ularda quyidagi sifatlar bo‘lishi kerak:
Birinchi sifat: taqvo. Sadaqasini eng avvalo taqvodorlarga bergan afzal. Zakot beruvchi bu bilan ularning Alloh taologa bo‘lgan himmatlarini ziyoda qiladi. Omir ibn Abdulloh ibn Zubayr obidlarning sajda qilib turgan paytlarini tanlar edi. Xaltaga solingan dinor va dirhamlarni olib kelib, ularga ko‘rinmay xaltani qo‘yar, ularning kavushlari oldiga hamyonini qo‘yganini sezdirar edi, xolos. Unga: “Ularga sadaqani shunday berib yuboraversang bo‘lmaydimi?” deyishgan edi, “Meni yoki vakilimni ko‘rganda yuzlari o‘zgarishini xohlamayman”, degan ekan.
Ikkinchi sifat: ilmli bo‘lish. Olimga mol-mulk berish ilm-irfonga, dinni targ‘ib qilishga yordamdir. Bu esa shariatni quvvatlashdir.
Uchinchi sifat: “Ne’mat berish yolg‘iz Alloh taoloning O‘zidan bo‘ladi”, deb e’tiqoddagi odam bo‘lishi. Bunday odam rizqqa sabab bo‘lgan narsalarga iltifot qilmaydigan bo‘lishi lozim, chunki bir narsani olganda madh qilishga odatlangan shaxs ololmay qolganda uni yomonlashi turgan gap.
To‘rtinchi sifat: faqirligini yashiradigan, hojatmandligini bekitadigan va oshkora shikoyat qilmaydigan bo‘lish.
Alloh taolo:
“…iffatlari tufayli bilmagan kishi boy deb o‘ylaydiganlar”, deb vasf qilganiga o‘xshash bo‘lsinlar (Baqara surasi, 273-oyat).
Beshinchi sifat: ayolmand, qarzga duchor bo‘lgan, og‘ir kasallikka chalingan kishilar bo‘lsin.
Oltinchi sifat: qarindosh-urug‘lardan bo‘lsin, chunki ularga qilingan sadaqa – ham sadaqa, ham silai rahmdir. Kimda ushbu sifatlardan ikkitasi yoki ko‘prog‘i jam bo‘lsa, zakotni ana shunday odamga berish afzaldir.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Mo‘minning najoti kitobidan)