O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyati Saudiya Arabistoni Podshohligining Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda markaz xodimlari Nosir As-Subaiy va Yusuf Abdulloh, fond boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev, rahbar o‘rinbosari Jahongir Salamov va xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida И.Абдуллаев mehmonlarga fondning bugungi kunda olib borayotgan ishlari, uning imkoniyatlari va tasarrufidagi mulklar hamda amalga oshirilayotgan xayriya ishlari haqida tanishtirib o‘tdi. Hazrati Imom majmuasida saqlanayotgan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufida bo‘lgan “Usmon Mus'hafi” haqida gapirib, uning tarixiy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Mehmonlar katta qiziqish bildirib, Mus'hafi sharifni ko‘rish uchun Hazrati Imom majmuasiga borishini ta’kidladi.
O‘z navbatida Nosir As-Subaiy Podshoh Salmon markazi hozirda 20 dan ortiq davlatlar bilan faol xayriya ishlarini amalga oshirib kelayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston bilan ham bu yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatilishidan umidvor ekanligini qayd etib o‘tdi. Xususan, “Vaqf” bilan hamkorlik doirasida asosan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish markaz tomonidan rejalashtirilganligini aytib o‘tdi. Shuningdek, mehmonlar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish, ilmga ko‘mak, quduq qazib aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, qo‘lyozmalarni o‘rganish va tadqiq etish kabi loyihalar bilan tanishib, mazkur yo‘nalishlarda ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.
Tashrif davomida mehmonlar fond bazasida ham bo‘lishib, xayriya yuklari, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi, tarqatilish jarayonini ham ko‘zdan kechirishdi.