O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan ko‘plab sohalarda hamkorlik qilib keladi. So‘nggi yillarda bu davlat bilan xayriya yo‘nalishidagi aloqalar yanada rivojlanmoqda. Podshohlik har yili Ramazon oyida O‘zbekistondagi ehtiyojmand oilalar uchun xurmo mevasi, oziq-ovqat mahsulotlari xayriya qilib keladi. Yaqinda Saudiya mamlakatimiz aholisi uchun yana 25 tonna xurmo mevasini hadya qildi.
Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiyning Toshkent shahridagi qarorgohida mazkur xayriya mahsulotlarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda elchi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi vakillari Muhammad At-Tavyan va Sa’d al-Moss, elchixona konsullik bo‘limi boshlig‘i Sattam al Utaybiy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov va boshqalar ishtirok etdi.
Elchi janoblari muborak Ramazon oyida kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlar ko‘nglini olish, ularga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish katta savobli amallardan ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Bu ezgu ishda Saudiya Arabistoni, xususan elchixona xodimlari ham faol ishtirok etayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.
Ayni paytda xurmo mevasini tarqatish ishlari boshlandi. Ramazon oyi uchun xushta’m meva hisoblanmish xurmo tez fursatlarda respublikamiz bo‘ylab o‘z manzillariga yetkaziladi, ko‘plab oilalar undan bahramand bo‘lishadi.