Tagi puch iddaolar

24 iyunь kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Toshkent shahridagi “Baroqxon” madrasasidagi hunarmandlarni haydab chiqarmoqda, degan mazmundagi ustalar bilan uyushtirilgan video-suhbat tarqatildi. Uni ko'rib chiqish natijasida, Fond va “Baroqxon” madrasasida ishlayotgan hunarmandlar o'rtasidagi munosabatlarga biryoqlama yondoshilgani ayon bo'ldi. Ushbu suhbatga Fond xodimlari ham Madaniy meros inspektsiyasi mutaxassislari ham jalb etilmagan.

Asl voqelik qanday ekanini muxtasar bayon qilamiz.

“Baroqxon” madrasasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 avgustdagi 708-f-sonli Farmoyishiga muvofiq, 2019 yil 13 iyunda 6126/05-19-sonli shartnoma asosida “Vaqf” fondiga biriktirildi. Shartnomaning 4.6-bandida “balansda saqlovchi” Toshkent shahar Madaniy meros inspektsiyasi “Baroqxon” madrasasini “Vaqf” fondiga topshirilishi alohida qayd etilgan.

Ushbu munosabat bilan joriy yilning 20 iyunь kuni Madaniy meros inspektsiyasi tomonidan madrasa xonalaridan norasmiy foydalanib kelayotgan usta-hunarmandlarga 24 iyunь kuniga qadar barcha xonalarni Inspektsiya xodimiga topshirish bo'yicha rasmiy ogohlantirish xatini yo'llangan. 

E'tiborli jihati shuki, mazkur jarayonlarda “Vaqf” fondining bevosita ishtiroki mavjud emas. Shuningdek, barcha ishlar qonuniy tartib-qoidalar asosida amalga oshirilgan. O'z navbatida aytish kerakki, yurtimizda azaldan taraqqiy etib kelgan milliy hunarmandchilik ana'nalarini hurmat qilgan holda ushbu joyda mehnat qilayotgan ustalarga munosib joy hozirlanishi ham ko'zda tutilgan.

Kelgusida “Vaqf” fondi "Baroqxon" madrasasidan vaqf mulki sifatida va uning asl maqsad-vazifalariga mos shaklda aholimiz uchun zarur bo'lgan Qur'oni karim qiroatini o'rgatish kabi o'quv kurslarni tashkil etish hamda yurtimizdan yetishib chiqqan ulug' allomalar, dunyo tan olgan muftiylar, din peshvolarining ilmiy meroslarini namoyish qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Fond maqsadlariga mos tarzda o'quv kurslarida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlariga bepul o'quv kurslari tashkil etish ham ko'zda tutilmoqda.

Bayon etilganlardan xulosa qilish mumkinki, ijtimoiy tarmoqlarda bahs qilinayotgan usta-hunarmandlar bilan yuzaga kelgan munosabatlar biryoqlama bo'lib, “Vaqf” fondiga bevosita tegishli emas, shuningdek, madrasani Fondga biriktirilishi ham to'la qonuniy asosga egadir.

 

“Vaqf” fondi matbuot xizmati

25 Iyun, 2019 yil | 1249