"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan aholini ijtimoiy muhofaza qilish, aholining ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan qatlamini himoya qilish maqsadida ko‘plab loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda.
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi "Oltintepa" masjidi hududida "Vaqfmed" dorixonasi tashkil etildi. Ushbu vaqf mulki bo‘lgan dorixonaning ochilish marosimi joriy yilning 23 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Iskandar Xalilovlar ishtirok etdilar. Muftiy hazratlari dorixona faoliyati bilan tanishib, faoliyatiga rivoj tiladilar. Xayrli ishlarning bardavom bo‘lishini tilab duo qildilar.
Vaqf dorixonasida yuzdan ortiq nomdagi dori mahsulotlari keltirilgan bo‘lib, ularning turi kundan kunga ko‘payishda davom etadi. Dorixona zamonaviy hisob-kitob texnikasi bilan ta’minlangan bo‘lib, savdo jarayonini aniqlikda olib borishda muhim ahamiyatga ega.
"Vaqfmed" dorixonalar tarmog‘i mamlakatimiz bo‘ylab barcha hududlarda tashkil etilishi Fond tomonidan rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tarmoqlardagi savdo-sotiqdan tushgan mablag‘ vaqf mulkini tasarruf etish va xayriya ishlariga yo‘naltiriladi. Dorixonalar "Islom quvvati. Vatan ravnaqi. Xalq manfaatlari uchun" shiori ostida o‘z faoliyatini yuritadi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi yurtimiz mo‘min-musulmonlarini Alloh taolo roziligi uchun ko‘proq sahovat ko‘rsatishga chaqiradi. Ehsonlar minglab insonlarning og‘irini yengil qilishda muhim o‘ringa egadir.
Alloh azza va jalla O‘zining Kalomida ehson qiluvchilarga va’da beradi: “Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay, Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur” (Niso surasi, 40-oyat).
Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati.