"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan bugungi kunda ko‘plab xayriya aksiyalari amalga oshirilmoqda. Ushbu aksiya va tadbirlar orasida diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur qo‘llanma va kitoblarni taqdim etish ishlari alohida o‘rin egallaydi.
O‘zbekistonning sahovatpesha insonlari yordamida bir qancha ilm toliblari va tolibalariga minglab Mushafi shariflar tarqatildi.
Joriy yilning 22 oktyabr kuni Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi asosida ta’lim olayotgan talabalarga shart-sharoitlar yaratish maqsadida, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 60 dona Qur’oni karim taqdim etildi. Bu esa yaqindagina ushbu talabalarni qo‘llash maqsadida o‘tkazilgan xayriya tadbirining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Avvalroq, joriy yilning sentyabr oyida modul tizimi asosida sirtqi ta’lim olishni boshlagan talabalar uchun 60 dona Qur’oni karim va 450 dona turli mavzudagi kitoblar taqdim etilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur ta’lim tizimiga 2019-2020 o‘quv yili bo‘yicha viloyatlar kesimida 120 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli imom-xatiblar O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilliklari tavsiyasiga asosan o‘qishga qabul qilingan edi.
Alloh taolo sahovatli insonlarning qilayotgan ehsonlarini O‘z dargohida qabuli maqbul aylasin. Ulkan ajrlarga erishish yo‘lida qorilar tayyorlash ishiga ko‘maklashing!
"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati