Statistika
Jami 0
Kategoriyalar
Kundalik tendentsiya
  • +998 95 195-16-10
  • info@vaqf.uz
  • vaqfuzbekistan@gmail.com
Yaxshilik qiling!

Inson bu dunyoga nima uchun keladi? Umrimiz qancha davom etishini hech birimiz bilmaymiz. Alloh taolo bizga bebaho ne’mat — umrni ato etgan. Uni qanday o‘tkazish esa o‘zimizga bog‘liq.

Shunday insonlar borki, umrining oxirida ortiga nazar tashlab, hayotida qanday iz qoldirganini o‘ylaydi. Yana shunday insonlar borki, ular bu dunyodan ketganidan keyin ham qilgan yaxshiliklari, go‘zal xulqi va ezgu ishlari bilan odamlar qalbida yashashda davom etadi.

Bunga eng go‘zal namuna — Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. Oradan asrlar o‘tsa-da, u zotning go‘zal axloqlari, mehr-muruvvatlari va insonlarga qilgan yaxshiliklari butun insoniyat uchun ibrat bo‘lib kelmoqda.

Sa’d ibn Hishomdan rivoyat qilinadi:

U Oisha roziyallohu anhodan:
«Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida xabar bering», deb so‘radi. Shunda Oisha onamiz:

«U zotning xulqlari Qur’on edi», deb javob berdilar.

Imom Ahmad rivoyati.

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari yaxshilik va go‘zal xulqning eng yorqin namunasidir. Chunki yaxshilik, avvalo, insonning xulqidan boshlanadi.

Yaxshilik qilish uchun katta imkoniyat yoki boylik shart emas. Ba’zan bir insonni shirin so‘z bilan xursand qilish, unga tabassum bilan boqish, holidan xabar olish yoki og‘irini yengil qilishning o‘zi ham katta yaxshilikdir.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

«...Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadi».

(Oli Imron surasi, 134-oyat)

Yaxshilikning eng go‘zal jihati shundaki, u hech qachon behuda ketmaydi. Siz kimgadir yordam bersangiz, bir kun kelib o‘zingiz ham kutmagan tomondan yaxshilikka erishishingiz mumkin. Zero, har bir ezgu amalning ajri Alloh huzuridadir.

Dinimizda ham yomonlik ortidan yaxshilik qilishga targ‘ib etiladi. Chunki yaxshilik insonning xatolarini yuvishga, qalbini poklashga sabab bo‘ladi.

Eng muhimi, yaxshilik faqat bir insonning hayotini emas, balki atrofidagi ko‘plab insonlarning hayotini ham o‘zgartirishi mumkin. Bugun siz bir kishiga yaxshilik qilasiz, ertaga u boshqa bir insonga yordam beradi. Shu tariqa ezgulik bir insondan boshqasiga o‘tib, yaxshilik zanjiri davom etadi.

Shunday ekan, yaxshilik qilishni ortga surmang. Kimningdir ko‘nglini ko‘taring, muhtojga yordam bering, yaqinlaringizga mehr ko‘rsating. Zero, insonning bu dunyoda qoldiradigan eng go‘zal merosi — uning boyligi yoki mol-mulki emas, balki qilgan yaxshiliklari va odamlar qalbida qoldirgan ezgu izlaridir.

Unutmang, umr qisqa, ammo yaxshilik bilan qoldirilgan iz uzoq yashaydi! 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi

Matbuot xizmati

Tegishli Xabarlar

To'lov tizimlari orqali xayriya

To`lov tizimini tanlang

Tanlangandan so'ng, siz pul o'tkazmasini yakunlash uchun bank veb-saytiga yo'naltirilasiz